Toshkentda hijob kiyib yurgan erkak qamaldi
3-sahifa
−
24 iyul
12964Kecha, 23 iyul kuni Qo‘yliq dehqon bozori yerosti yo‘lida yuzini berkitib, ayollar kiyimini kiyib olgan erkak aniqlangandi. Bugun, 24 iyul kuni mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida ko‘rib chiqildi va erkakka nisbatan 7 sutka ma’muriy qamoq hamda 3,4 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Zokirjon Qo‘ziboyev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Sud majlisida huquqbuzar erkak o‘z ko‘rsatmasida, haqiqatdan ham u Bektemir tumani “Qo‘yliq dehqon bozori” atrofida burqa libosida, yuzini niqob bilan yopgan holda yurganida IIO xodimlari uni to‘xtatib, yuzini ochishni so‘raganida, dastlab ularga qarshilik ko‘rsatganini, keyin chetroqqa o‘tib, yuzini ochganligini, hozirda o‘zining sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, bunday holat boshqa takrorlanmasligini bayon qilib, unga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Fuqaroning mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybi ish hujjatlaridagi dalolatnoma, ma’lumotnoma, tushuntirish xatlari, fotosuratlar hamda ma’muriy ishda to‘plangan boshqa hujjatlar bilan to‘liq o‘z isbotini topgan.
Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-4-moddasi va 195-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va unga nisbatan 3,4 mln so‘m jarima hamda 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chorsu bozorida ayollar kiyimini kiyib olgan erkakka nisbatan BHMning 110 baravari (3 mln 400 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.