Toshkentda Hajga yuborishni va’da qilib, 4 kishidan pul olgan shaxs ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahar Mirobod tumanida Haj safariga yuborishni va’da qilib, 4 kishidan 27 200 dollar olgan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Mirobod tumanida fuqarolarni noqonuniy tarzda haj safariga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlangan. “Mahdiy Travel” mas’uliyati cheklangan jamiyatining norasmiy xodimi tur firma mijozlarini muborak Haj safariga ishchi vizasi orqali yuborishni taklif qilgan. Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Mirobod tuman bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu kimsa Saudiya Arabistoniga viza hujjatlarini tayyorlab berishi va ziyoratga yuborishi evaziga mijozlardan oldindan talab qilgan 27 200 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

“Instagram tarmog‘i orqali reklama berdim Haj safariga yuborish uchun. 4 ta odam reklamani ko‘rib, telefon qilishdi. 4 ta fuqarodan 6 800 dan 27 200 pul olgan paytim tadbir bo‘ldi. Haj safariga faqat davlat tomonidan yuborilishi kerakligini bilardim. Shu sohada ishlaydigan, shu haj safariga yuborayotganlarga aytib o‘taman, noto‘g‘ri yo‘l”, deydi gumonlanuvchi.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirgi vaqtda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida fuqarolarni Haj va umra ziyoratiga noqonuniy ravishda yuborayotgan shaxslarning harakatlariga chek qo‘ygan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Haj Mirobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing