Toshkentda haydovchilarni tuzoqqa tushirishning eng past usulidan foydalanilyapti...mi?

Jamiyat 17840
image

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqami ko‘rsatilmagan oq rangdagi Nexia avtomobilining surati tarqaldi. Ushbu surat Toshkentning Navoiy shox ko‘chasida – Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrning qarshisida tushirilgan. 

Unda avtomobilning davlat raqami o‘rnatilishi kerak bo‘lgan qora rangdagi plastik qismiga maxsus moslama joylashtirilganini ko‘rish mumkin. Mazkur moslama yo‘lda harakatlanib ketayotgan avtomobillarning tezligini o‘lchab boradi va ma’lumotlarni avtomobil saloniga o‘rnatilgan fotoradar xotirasiga uzatadi. 

Ayni vaqtda mazkur moslama ko‘chalarda harakatlanayotgan avtomobillarning tezligini aniqlashni boshlagan bo‘lsa ham, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan rasmiy ma’lumot va ogohlantirish berilgani yo‘q. 

Qolaversa, butun dunyoda bu kabi moslamalar ochiq-oydin, haydovchilarning ko‘zi tushadigan nuqtalarga joylashtirilib, eslatma va ogohlantirish taxtachalari o‘rnatilib borilayotgan bir vaqtda Toshkentda yana qoidabuzarlikni aniqlashning eng past usulidan foydalanilyapti. Bu ham bo‘lsa haydovchini tuzoqqa tushirish. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yo‘l patrul xizmati xodimlarining vazifasi yo‘llarda qoidabuzarliklarning oldini olish, haydovchilar qoida buzishiga sabab bo‘luvchi holatlarni oldindan bartaraf qilishmi yoki haydovchining yo‘l qoidalarini buzishini kutib turib, uni jarimaga tortish? Rivojlangan mamlakatlarda katta avtomagistrallar bo‘ladimi yoki kichik yo‘llar, radar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, albatta, haydovchi bu haqda ogohlantiriladi. Ya’ni radargacha bo‘lgan masofada “Diqqat, radar bor” deb yozilgan taxtachalar o‘rnatiladi. Haydovchi shunda ham yo‘l qoidasini buzib, tezlikni oshirsa, jarima to‘laydi. O‘zimizda esa bungacha yetib kelishga hali ancha borga o‘xshaydi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda yangi radar bilan bog‘liq suratga bildirilayotgan izohlar e’tiborimizni tortdi. Ularda shunday deyiladi: 

– Bu radar emas, o‘ljasini poylab yotgan qoplon.

– Yo‘l patrul xizmati o‘ziga kelganda qonunni ro‘kach qilishni biladi, ammo Prezidentning Body-kameralar bilan bog‘liq talabini ikki yildan buyon bajarmay kelyapti. 

– Yangi radarlarni xarid qilish uchun sarflangan pulga yo‘l chiziqlarini ko‘rinarli chizilsa, svetoforlarni ta’mirlansa, yo‘l qoidalarini buzishimizga majbur qiladigan omillar bartaraf etilsa yaxshi emasmi?

– Qachongacha poyloqchilik qilishadi? Qachongacha?

– Qani haydovchining huquqlari, qani uni ogohlantirish?

– Bo‘layotgan o‘zgarishlarga qarshi emasmiz. Radarlar o‘rnatishsin, lekin “orqadan pichoq uradigan”ini emas. 

– Avval yo‘l patrul xizmati xodimlari daraxtlar ortiga berkinib olardi. Biznikilar hamma narsani berkitib, yashirincha qo‘lga tushirishning yo‘lini hamma davrda topishadi. Mana, innovatsiya! 

Biz Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ma’muriyatidan mazkur “poyloqchi radarlar” yuzasidan rasmiy bayonot kutib qolamiz. 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 442
Reyting: 3.0
Будьте в курсе событий!
×
×