Toshkent viloyatining bir qismi poytaxt hududiga qo‘shiladi
Jamiyat
−
14 mart
18075Toshkent viloyati deputatlari viloyat hududining bir qismini poytaxtning Yangi Toshkent tumaniga o‘tkazishni ma’qulladi. Bu haqdagi tegishli qaror 13 mart kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi tomonidan qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar, shu jumladan Yuqori Chirchiq tumanidan 17 323,32 gektar, O‘rta Chirchiq tumanidan 2 406,1 gektar yer maydonlari Toshkent shahrining Yangi Toshkent tumani tarkibiga o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi 33 ta MFY, shundan 20 ta to‘liq, 13 ta qisman hamda O‘rta Chirchiq tumanidagi 7 ta MFY, shundan 4 ta to‘liq, 3 ta qisman bo‘lgan hududlari Toshkent shahri tarkibidagi Yangi Toshkent tumaniga o‘tkazilishi belgilandi.
Yerlar joriy yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan holda o‘tkaziladi. O‘zgartirishlar Oliy Majlis palatalari qarori qabul qilingandan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida Toshkent shahri tarkibida Yangi Toshkent tumani tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.