Toshkent viloyatida jin chiqaraman, deb jon chiqarganlar qamaldi
3-sahifa
−
23 yanvar
19332Toshkent viloyatida ikki erkak “jin chiqarish” paytida 42 yoshli ayolni o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Aniqlanishicha, voqea 2023 yilning iyul oyida sodir bo‘lgan. Sudlanuvchi R.B. 16 iyul kunidan 20 iyul kuniga qadar bo‘lgan vaqt davomida tanishi Yu.T. bilan kelishib, Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaroning uyiga borgan va uni go‘yoki ichiga “jin” kirib qolganiga ishontirgan. Buni “dam solib” qo‘yish va davolash muolajalarini bajarish yo‘li bilan chiqarib yuborishi mumkinligini aytib, evaziga 1 million so‘m pul olgan.
Ular o‘z “muolaja”lari davomida bolg‘a, temir qoziq, temir zanjir kabi predmetlardan foydalangan. Sudlanuvchilar ayolning ko‘krak qafasi, qorin qismi, ikkala qo‘l va oyoq sohalariga urgan. Bu orqali ayolga uning o‘limiga sababchi bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazilgan. Oqibatda ayol 2023 yil 20 iyul kuni o‘zining yashash xonadonida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ayolda “ko‘krak yopiq jarohati, chap tomonlama 2 va 3 qovurg‘asi sinib, siljishi, qorin yopiq jarohati, 2 ta buyrak, oshqozon, ichak va qorin devorlariga qon quyilishi, ko‘ndalang chambar ichak yirtilishi, ichki qon ketishi va boshqa ko‘plab tan jarohat”lari aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 22 dekabridagi sud hukmiga ko‘ra, R.B. va Yu.T. Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “b” bandi va 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, R.B. 3 yilga, Yu.T. esa 2 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.