Toshkent viloyatida yigit ukasi va IIB xodimlariga tahdid qildi
3-sahifa
−
31 yanvar 2023
6572Toshkent viloyati Qibray tumanida 20 yoshli yigit ukasi hamda IIB xodimlariga pichoq va qaychi bilan tahdid qildi. Holat yuzasidan viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 yanvar kuni 20:00 da “Yangihayot” mahallasida yashovchi fuqaro Ichki ishlar bo‘limi huquq-tartibot maskaniga borib, xonadonida janjal bo‘layotganini aytib yordam so‘ragan.
Xabarga asosan, 2 nafar profilaktika inspektori fuqaro bilan birga uning uyiga yetib borgan. Xonadonda inspektorlar chaqiruv egasining 19 va 20 yoshlardagi o‘g‘illari urishib, bir-biriga pichoq bilan tahdid qilayotganiga guvoh bo‘lgan. Ajratmoqchi bo‘lganida, ulardan biri inspektorlarga ham qo‘lidagi pichoq bilan tahdid qilgani atrofdagi kuzatuv kamerasiga muhrlangan.
Profilaktika inspektorlari ushbu shaxslarni xavfsizlantirgach, hududiy huquq-tartibot maskaniga olib kelgan.
Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtida, fuqaro yana janjalni davom ettirib, inspektorning xizmat xonasida bo‘lgan qaychini qo‘liga olgan va xodimlarga o‘qtalib yengil tan jarohati yetkazgan.
U harakatlarini davom ettirgach, xodimlar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qo‘lidagi tig‘li jismni olib, unga kishan taqib qo‘ygan.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, ushbu fuqaroda tibbiy atamasi “epilepsiya”, ya’ni tutqanoq kasalligi qo‘zg‘alib u o‘zini noodatiy tuta boshlagan. Ayni shu vaqtda, uning oila a’zolari qidirib, huquq tartibot maskaniga kirib kelgan.
Voqeani video tasvirga olib, go‘yoki IIB xodimlari fuqaroni kaltaklab shu ko‘yga solgan mazmunida izohlagan. Lekin mazkur jarayonda xodimlar tomonidan fuqarolarga nisbatan kuch ishlatilmagan.
“Hozirda holat yuzasidan qonuniylikni ta’minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi yuzasidan batafsil axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi