Toshkent viloyatida tadbirkorlar qariyb 2 mlrd so‘mlik gazni o‘g‘irladi
3-sahifa
−
28 iyun 2025 2573 2 daqiqa
Toshkent viloyatida 1,9 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan tadbirkorlar aniqlandi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman/shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda viloyat bo‘ylab tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda.
Qibray tumanining “Salar” mahallasida joylashgan noturar bino xatlovdan o‘tkazilganda, fuqaro Sh. A. kafel ishlab chiqarish sexi tashkil etib, loyiha-texnik hujjatlarisiz tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib olgani ma’lum bo‘lgan. “ E-ma’muriy” dasturi orqali hisob-kitob qilinganida gaz ta’minoti korxonasiga 955 million 583 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.
Viloyatning Oqqo‘rg‘on tumani “Usta Nurmat” MFYda joylashgan “R. Q.” MCHJga qarashli novvoyxonada gazdan foydalanish holati o‘rganilganda, iste’molchi tabiiy gaz tarmog‘iga tegishli loyiha-texnik hujjatlarisiz ulanib, “zangori yoqilg‘i”dan o‘g‘rincha foydalanib kelgani aniqlangan. Holat bo‘yicha 946 million 80 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Bildirilishicha, aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 2,9 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi aniqlangandi.
Live
Barchasi