Toshkent viloyatida tabiatga 444 mlnlik zarar yetkazildi
Jamiyat
−
09 dekabr 2020
10730Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani “Abay” MFY hududida joylashgan to‘qayzorda daraxtlar kesilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat Toshkent viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, o‘rganish davomida daraxtlar qishloq xo‘jaligi xaritasining 34 konturida joylashgan to‘qayzorda kesilganligi ma’lum bo‘lgan. Umumiy kesilgan daraxtlar soni 52 ta, shundan 46 tup tol hamda 6 tup turong‘il tag (Turanga sizolistnaya) qismidan kesilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 444 mln 773 ming so‘mni tashkil etdi.
Ayni damda mazkur hudud egasi hamda kim tomonidan amalga oshirilganligini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.
To‘plangan hujjatlar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga o‘rnatilgan tartibda taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
Holat yakunlari bo‘yicha axborot qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.