Toshkent viloyatida sudya dabdabali to‘y qildimi? (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyat sudining sudyasi Xayrullo Rahmonov voyaga yetmagan farzandining tavallud kunini dabdaba bilan nishonlangani haqida videoxabarlar tarqaldi. Videolarda marosimda taniqli san’atkorlar ishtirok etganini ko‘rish mumkin. Mazkur holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat Sudyalar oliy kengashi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish yo‘li bilan o‘rganilgan. O‘rganishda sudya qarindoshining xonadoni bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etgani, video lavhadagi sudyaning o‘g‘li deb keltirilgan voyaga yetmagan bola ham, tadbir bo‘layotgan hovli ham sudyaga emas, balki qarindoshiga tegishli ekani aniqlangan.

“Sudya oilasi bilan ko‘p qavatli uyning kvartirasida istiqomat qiladi, farzandlarining barchasi voyaga yetgan, eng kichik farzandi yigirma ikki yoshda”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, sudya xizmatdan tashqari vaqtda qarindoshining uyida bo‘lgan tadbirda ishtirok etgani va o‘zini tutishi bilan Sudyalar odobi kodeksi qoidalarini buzgan-buzmagani holatiga baho berish uchun materiallar kengash huzuridagi Sudyalar odob komissiyaga berilgan.

Ma’lumot uchun, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 62-moddasida sudya o‘z vakolatlarini amalga oshirishda, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda Sudyalik odobi kodeksi talablariga rioya etishi, sud hokimiyati obro‘sini, sudyaning sha’ni va qadr-qimmatini tushirishi yoki uning beg‘arazligi, xolisligi va adolatliligiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatdan o‘zini tiyishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qizining to‘y bazmini dabdabali tarzda o‘tkazgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda vazir Qo‘chqorov ham aks etgan bo‘lib, u qizi Sevinch hamda kuyovi Saidali Ubaydullayevni tabriklagan. To‘y marosimi qaysi to‘yxonada o‘tkazilgani aniq emas. Biroq marosim o‘tkazilgan joy juda katta hashamat bilan bezatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent to'y sud'ya Xayrullo Rahmonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing