Toshkent viloyatida bankirlardan narkotik topildi (video)

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hamda Yangiyo‘l shahrida xorijdan olib kelingan sintetik narkotik moddalar topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan, hozirda probatsiya hisobida turgan shaxs va uning sherigi Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan dala maydonidagi xufiya joydan 2 kg 381 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ushbu sintetik narkotik modda Telegram messenjeridagi internet narkodo‘kon a’zolari tomonidan Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelingan.

Boshqa holatda esa, Yangiyo‘l shahrida faoliyat yurituvchi tijorat banklaridan birining ikki nafar mutaxassisi muqaddam narkokur’erlar Yangiyo‘l tumanidagi dala maydoniga yashirib ketgan 485 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olib, o‘zlarining tanishining xonadonida saqlayotgani aniqlangan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ulardan ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bildirilishicha, hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning I choragida uyushgan narkojinoiy guruhlar aholi orasida tarqatishni rejalashtirgan 227 kg (680 ming doza) an’anaviy narkotiklar, 50 kg (250 ming doza) sintetik narkotiklar va 234 ming dona (700 ming doza) psixotrop moddalar noqonuniy muomaladan olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent aeroportida 6,3 kg “marixuana”ni olib kirishga uringan xorijiy yo‘lovchi to‘xtatib qolingandi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yuqori Chirchiq Alfa-PVP

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing