Toshkent viloyatida 5 tup chinor kesgan shaxslar qamaldi
Jamiyat
−
17 may
4408Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq shahrida 5 tup chinorni noqonuniy kesgan shaxslar ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2023 yilning 5 dekabr kuni Sh.M. o‘zining uch nafar tanishi bilan kelishib, tumanning “Mash’al” MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydoniga borgan hamda motorli arra va boshqa ish qurollari yordamida jami narxi 247 million 180 ming so‘mlik 5 tup ko‘p yillik sharq chinorini tagidan kesgan.
Kesilgan daraxtlarni bo‘laklarga bo‘lib, o‘zlari yollagan “KAMAZ” rusumli yuk mashinasiga joylab, Toshkent shahridagi xalq tilida “Taxta bozori”ga sotish maqsadida olib ketishayotganida ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Sud hukmi bilan aybdor shaxsga Jinoyat kodeksining 198-moddasi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Uning jinoiy sheriklariga ham kodeksning tegishli moddalariga asosan ozodlikdan mahrum etish jazosi berilgan.