Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish: 11 kishiga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
14 iyul 4526 3 daqiqa
Bugun, 14 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudida 2025 yil sentyabr oyida Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Quyi Chirchiq tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining zaharlanish holatlariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, e’lon qilingan sud hukmiga muvofiq 11 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Xususan:
- R. O. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ direktori), A. S. (erkak, 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ bosh texnologi), R. X. (erkak, 1982 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi)ga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
- S. S. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ ta’sischisi va sotuv bo‘limi menejeri), F. O. (erkak, 1990 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ ta’sischisi va direktori o‘rinbosari), M. N. (erkak, 1991 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi yordamchisi)ga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
- J. X. (erkak, 1993 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, “Governess Business” MCHJ direktori), I. S. (erkak, 2000 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, “Innavation Outsourcing Servise” MCHJ direktori), B. R. (erkak, 1992 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, “Nishon invest” MCHJ direktori), F. D. (erkak, 1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Kinder Garden Group” MCHJ direktori) D. Q. (ayol, 1997 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ laboranti)ga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan muayyan huquqdan mahrum qilish belgilangan.
Bildirilishicha, birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
2025 yilning 25 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ovqatdan ommaviy zaharlangani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlandi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Keyinroq esa yana 694 bola davolangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur ish doirasida 10 kishi qamoqqa olingani, 1 kishi uy qamog‘iga yuborilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi