Toshkent viloyati hokimiyatida xodimlar bilan ishdan keyin majlis o‘tkazilgani aniqlandi
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
12060Toshkent viloyati hokimligining iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimlari soat 20:00 da ham ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berdi.
“Toshkent viloyati xokimligi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimlari soat 20:00 da hech qanday buyruq rasmiylashtirilmagan holda o‘zining mehnat faoliyatini olib borayotganligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan, boshqarmaning tegishli xodimlaridan tushuntirish xatlari olindi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shu bilan birga, boshqarmaning xodimlar bilan ishlash va maxsus ishlar bo‘limi boshlig‘idan joriy yilning 23 noyabr kuni soat 18:00 ga yig‘ilish belgilangani va bu borada ishdan tashqari ishga xodimlar qay tartibda jalb etilayotgani to‘g‘risida ham tushuntirishlar olingan.
“Bunda, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari o‘zlarining roziligi asosida qatnashgani, ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish bo‘yicha hech qanday buyruq rasmiylashtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi”, deyilgan rasmiy munosabatda.
Vazirlik Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlarga xodimning roziligi bilangina yo‘l qo‘yilishi mumkinligi, 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishini eslatgan.
Bundan tashqari, 125-moddada, ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozimligi belgilangan.
“O‘rganish yakuni bilan, Toshkent viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i nomiga Mexnat kodeksining 130, 157-moddalariga asosida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan, ya’ni xodimlarni ishdan tashqari ishlarga ularning roziligi asosida hamda ish vaqtidan tashqari vaqtda ishga jalb etilgan xodimlarga ikki xissa miqdorida haq to‘lab berilishi yoki mutanosib ravishda otgul berish yuzasidan Yozma ko‘rsatma kiritildi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, kelgusida kelib chiqqan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va yo‘l qo‘ymaslik borasida yuqorida ko‘rsatilgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rish to‘g‘risida Toshkent viloyati xokimligiga taqdimnoma kiritilgan.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda jazoni ijro etish muassasasi xodimlari yarim tunda yig‘ilishdan qaytayotganda yo‘l-transport hodisasiga uchrab, halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi