Toshkent va Namanganda qariyb 30 ming AQSH dollari qalbaki pul aniqlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahri hamda Namangan viloyatida qalbaki pullar savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan 1972 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, 100 AQSH dollari kupyuradagi, qalbaki bo‘lgan jami 19 900 AQSH dollarini xaridorga 14 000 AQSH dollariga sotgan paytda qo‘lga olingan.

Qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa, Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirib, uni aldab, go‘yoki qalbaki bo‘lgan 100 AQSH dollari kupyurali jami 10 ming AQSH dollari, 100 ming so‘m kupyurali 10 mln so‘m va 50 ming so‘m kupyurali 5 mln so‘m pullarni haqiqiy 5500 AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan.

Tezkor tadbirda soxta pullarni sotmoqchi bo‘lgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida 45 mln so‘m qalbaki pullarni 18 mln so‘mga sotgan shaxs ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent DXX qalbaki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing