Toshkent va Qashqadaryoda mansabdorlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
15 iyul 4353 2 daqiqa
Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida korrupsiyaga oid ikki holatga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mansabdor tanishlari orqali “Toshkent shahar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi balansidagi yer maydonidan 2026 yil davomida foydalanish uchun mahalliy MCHJ bilan o‘zi faoliyat yuritayotgan boshqarma o‘rtasida ijara shartnomasini rasmiylashtirib berishni va ijara haqini kamaytirgan holda korxonaning 2025 yildagi qarzdorligini tugatib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 15 ming AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlangan.
Boshqa holatda Qashqadaryo viloyatida Muborak tumani Elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tuman sudida mahalliy fuqaroga nisbatan elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati yuzasidan ko‘rilayotgan jinoyat ishida fuqaroviy da’vogar bo‘lgan.
U korxonaga yetkazilgan 103 million so‘mlik zararni tanishlari orqali 34 million so‘mga kamaytirib berganini aytib, buning evaziga fuqarodan 17 million so‘m talab qilgan. Mansabdor ushbu pullarni turmush o‘rtog‘i orqali olayotgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, har ikki holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida mansabdor shaxslarning pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari fosh etilgandi.
Live
Barchasi“Qo‘qon patiri” patentlandi
15 iyul