Toshkent va Farg‘onada hokimlik va geologiya inspeksiyasi mansabdorlari pora bilan ushlandi

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi, 1978 y.t. muqaddam sudlangan shaxs bog‘dorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbarining ishonchiga kirib, unga tanishlari orqali “Ipak Yo‘li” aksiyadorlik innovatsion tijorat bankining Chilonzor tuman filialidan 3 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratilishiga yordam berishni va’da qiladi. U bu xizmati evaziga umumiy kredit miqdorining 10 foizini berishini so‘raydi.

DXX xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida firibgar shaxs so‘ralgan pulni 28 ming AQSH dollari ekvivalentida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining Farg‘ona mintaqaviy inspeksiyasi mansabdor shaxslaridan biri qum-shag‘al qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbariga “Markaziy Farg‘ona” suv ombori atrofidagi qum barxanlaridan litsenziyasiz foydalanishiga ruxsat berish va yuqori inspeksiyadan bo‘ladigan tekshiruvlarni hal etishni taklif qiladi. Mansabdor xizmati evaziga 5,6 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur mansabdor shaxs muqaddam ushbu maqsadlarda 5 ming dollar olgani ham ma’lum bo‘ladi.

Toshkent viloyati Bekobod shahar hokimligining mansabdor shaxslaridan biri “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqaroga hokimlik balansida bo‘lgan ikki xonali uy ajratilishida yordam berishini aytib, evaziga 5 ming AQSH dollari talab qiladi.

U so‘ralgan pulni olgan vaqtida DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya hokimlik

Baholaganlar

118

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing