Toshkent va Buxoroda noqonuniy yer sotganlar ushlandi
3-sahifa
−
16 aprel
3316Toshkent va Buxoro viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida 2 nafar makler Ohangaron tumanidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan MCHJga 30 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 96,6 gektar yaylov yer maydonini mansabdor tanishlari orqali, chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 70 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida maklerlar ushbu ishni Toshkent viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, shu’ba boshlig‘i hamda bosh mutaxassis lavozimlarida ishlovchi 3 nafar shaxs orqali hal qilmoqchi bo‘lganliklari aniqlanib, ular ham qo‘lga olingan.
Shuningdek, Toshkent tumanidagi MCHJ rahbari hamda ishchisi o‘zaro til biriktirib, muqaddam avtoturargoh va intensiv yong‘oqzor tashkil etish uchun, ushbu MCHJga 9 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 50 sotix yer maydonining 25 sotixini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ohangaron tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z onasiga tegishli chorvachilik fermasiga muqaddam 49 yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 20 gektar yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish va uning 40 sotix qismida qurilish ishlari olib borish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berishni va’da qilgan. Evaziga 100 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bu yo‘nalishda Buxoro viloyatida ham qonunbuzilishi holati aniqlangan.
Xususan, Buxoro tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari muqaddam tuman hokimining tegishli qarori bilan ushbu xo‘jalikka 49 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratib berilgan 5,3 gektar yer maydonini xaridorga 95 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi