Toshkent shahar “GAI”ga yangi boshliq tayinlandi
Jamiyat
−
13:04 1974 2 daqiqa
Podpolkovnik Ilhom Idirov Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining kecha, 25 sentyabr kuni qabul qilgan poytaxtda “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturining 2026 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi hamda avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlashga doir tegishli qarorida keltirilgan.
Bildirilishicha, Ichki ishlar vazirligi tizimida navbatdagi kadrlar tayinlovi amalga oshirilgan. Podpolkovnik Ilhom Toxirovich Idirov Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXXB) boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining tegishli qarorida Idirov Toshkent shahar IIBB YHXB boshlig‘i sifatida qayd etilgan.
Yangi lavozimni egallashidan avval Idirov IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan hamda Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalariga rahbarlik qilgan.
Ma’lumot uchun, Ilhom Idirovgacha ushbu lavozimda Muhammad Odilov ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Rafiqjon Qo‘ldoshevich Jalilov o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketgandi. Shundan so‘ng, 2024 yilning may oyida polkovnik Muhammad Odilov shahar IIBB YXHB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Odilov qariyb ikki yildan ortiq mazkur lavozimda faoliyat yuritgan.