Toshkent metrosida Face ID orqali to‘lov qilish sinovdan o‘tkazilmoqda (video)
Texnologiya
−
21 Sentabr 2023
4358Toshkent metropolitenida Face ID texnologiyasi orqali to‘lovni amalga oshirish sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu FacePay tizimi bo‘lib, u yo‘lovchilarga kontaktsiz, masofadan to‘lov qilish imkonini beradi.
“To‘lov qilish uchun shunchaki turniketdagi kameraga qarashning o‘zi kifoya. Loyiha ATTO, “Aloqabank” va Visionlabs hamkorligida amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Yo‘lovchilar bu imkoniyatdan foydalanish uchun ATTO kartasini olishi va tarmoqdan maxsus ilovani yuklagan holda tegishli funksiyani faollashtirish orqali o‘z yuzini skanerlashi kerak. Shundan so‘ng yo‘lovchining yuzi haqidagi ma’lumotlar qurilmaning bazasiga kiritiladi va u har safar Face ID dan o‘tganida yo‘l haqi avtomat tarzda shaxsiy kartasidagi mablag‘dan yechib olinadi.
Mazkur tizim hozircha faqat “Buyuk ipak yo‘li” bekatida sinov tariqasida joriy qilingan, bu muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa metro bekatlarida ham yangi to‘lov shakli sifatida ishga tushirilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent metrosining aynan shu bekatida FacePay tizimi avval ham joriy etilgandi. Biroq ko‘p o‘tmay qurilmalar olib tashlangandi.
LiveBarchasi
26 noyabr