Toshkent ko‘chalarini suv bosish sababi aytildi (video)
Jamiyat
−
03 iyul
8835Avvalroq, Toshkent shahrining Yunusobod tumani “Turkiston” MFY, 6-dahasidagi Moyqo‘rg‘on va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasida diametri 1200mm katta suv o‘tkazgich tarmog‘ida nosozlik vujudga kelgani va buning oqibatida ushbu ko‘chalarni suv bosganligi haqida xabar berilgandi. Biroq o‘rganish jarayonida hodisa diametri 800mm bo‘lgan suv o‘tkazgichda yuzaga kelgani aniqlangan. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat bugun, 3 iyul kuni tungi soat 04:00 atrofida sodir bo‘lgan. Bunga yaqin hududda joylashgan qozonxonoda vaqtincha elektr energiyasi bo‘lmagani sababli quvurlarda bosim ko‘tarilib ketgani turtki bo‘lgan. Quvurlarning ulangan chokidan avariya yuzaga kelgan. Oqibatda bir qancha suv tashqariga sizib chiqqan. Buning ortidan ko‘plab uy yerto‘lalarini suv bosgan. Holatni bartaraf etish uchun yetib kelgan brigada dastlab quvurda qolib ketgan suvni bo‘shatishgan.
“Barcha tumandan brigadalar jalb etilgan. Avariyani bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Qisqa vaqt ichida transport harakati va boshqa jarayonlar hal qilinadi. Yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr ta’minoti uzilgani sababli quvurlarda bosim ko‘tarilib ketgan va avariya holati yuzaga kelgan. Mutasaddi rahbarlardan tortib oddiy ishchilargacha barcha tik oyoqda. Vahimaga hojat yo‘q”, deydi korxona axborot xizmati boshlig‘i Ravshan Yoqubjonov.
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, hodisada tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi suv toshqini sabab ayrim hududlarda jamoat transporti vaqtincha cheklanishi haqida xabar berilgandi.