Toshkent ko‘chalaridan biriga Otaturk nomi berilishi mumkin

Jamiyat

image

Toshkent ko‘chalaridan biriga Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi berilishi mumkin. Bu haqda bugun, 6 fevral kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekarning uchrashuvi chog‘ida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Shavkat Umurzoqov o‘zbek-turk munosabatlari jadal rivojlanayotganini, bu ikki davlat rahbarlari asos solgan strategik hamkorlik mahsuli ekanini ta’kidlagan hamda bunda turk diplomatik korpusining ham xizmati beqiyosligini e’tirof etgan.

Elchi qabul uchun minnatdorlik bildirib, uning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi yakuniga yetayotganini ma’lum qilgan hamda avval muhokama qilingan masalalar – Turk maktabini kengaytirish, Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berish hamda Toshkent shahrida Turk bog‘ini tashkil etish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirgan.

Uchrashuv yakunida taraflar o‘zaro muloqotni davom ettirish hamda har ikki davlat uchun manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olgan.

Qayd etish joiz, 2022 yil mart oyida ham o‘sha paytdagi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Olgan Bekar bilan uchrashuvida Toshkentda Mustafo Kamol Otaturk nomidagi ko‘cha paydo bo‘lishi masalasini muhokama qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil Olgan Bekar Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Turkiya Shavkat Umurzoqov Mustafo Kamol Otaturk Olgan Bekar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing