Toshkent Imron Xonning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Jamiyat

image

Toshkentda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Kecha, 10 iyul kuni Imron Xonning O‘zbekistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirok etgan. 

Qayd etilishicha, Oliy darajadagi tashrif arafasida qator ikki tomonlama iqtisodiy tadbirlar, shu jumladan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, O‘zbekiston˗Pokiston biznes forumi va O‘zbekiston-Pokiston Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Biznes-forumda Pokiston ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari, jumladan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot-kommunikatsiya sektori, logistika, qurilish, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi. Tadbirda investitsiya va savdo kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Pokistonning yirik banklari ham qatnashishi kutilmoqda.

“Ayni paytda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlanib, shu munosabat bilan mamlakatimiz vazirliklari, idoralari, sanoat birlashmalari va hududlari rahbarlari oldiga Pokiston kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va aniq investitsiya loyihalari va qat’iy savdo bitimlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni rejalashtirilgan tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilish va pokistonlik salohiyatli hamkorlar bilan tegishli kelishuvlarga erishishda ularga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tijorat banklari rahbarlariga hamkorlikka oid aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida pokistonlik hamkasblari bilan bevosita o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ishga solish topshirig‘i berildi”, deyiladi vazirlik axborotida.

Imron Xon Toshkentga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, muloqot o‘tkazishi, shuningdek 15-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Imron Xon

Baholaganlar

269

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing