Toshkent eng korrupsiyalashgan shaharga aylandi
Jamiyat
−
15 iyun 2022
124442021 yilda Toshkent shahrida 184 ta korrupsion jinoyat sodir etilgan. Bu 2020 yilga nisbatan 125 taga ko‘p demakdir. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov kecha, 14 iyun kuni Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda Toshkent shahrida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 82 mlrd 638 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, poytaxt korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘tgan 3 oyda (fevral-aprel) respublikada eng yuqori o‘rinlarda turgani aytildi. Xususan, fevral oyida 37 ta, mart oyida 50 ta, aprel oyida esa 69 ta korrpsiyaga oid jinoyat ishlari sudlarga yuborilgan.
“Muloqotlar jarayonida byudjet mablag‘laridan noqonuniy foydalanish holatlari, korrupsiya tarqalganligi bo‘yicha jamoatchilik fikri, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash yo‘nalishlaridagi natijalar ham tanqidiy muhokama etildi.
Ishtirokchilar tomonidan bu kabi salbiy holatlar Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olish tizimini yanada takomillashtirish, bunda har bir boshqarma va idoralar o‘z ishini tanqidiy ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq ekanligiga alohida urg‘u berildi.
Xususan, Hududiy kengash o‘z faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanishi lozimligi alohida ta’kidlandi”, deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tarqatgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Andijon viloyati 2022 yilning birinchi choragida mamlakatda eng korrupsiyalashgan viloyat bo‘lganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi