Toshkent-2021: o‘zbekistonlik sambochilarning JCHdagi ishtiroki qanday o‘tdi?
Sport
−
12 noyabr 2021
6614Bugun, 12 noyabr kuni Toshkent shahrida sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati boshlandi. Musobaqaning birinchi kunida o‘zbekistonlik sambochilar uchta medal qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida -50 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Sabina Davlatova kumush medalga sazovor bo‘ldi. -59 kg vaznli Ibodatxon Og‘ajonova hamda +98 kg vaznli jangovar sambochi Hakimjon Ismoilov terma jamoa hisobiga bronza medalini taqdim etdi.
46-marotaba tashkil etilayotgan mazkur musobaqada dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan 400 nafarga yaqin sambochi medallar uchun bahslarga kirishdi va umumiy hisobda 21 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib borishadi.
Shuningdek, bugun Jahon chempionatining tantanali marosimi tashkil etildi. Unda Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev va O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, dunyo birinchiligi joriy yilning 14 noyabr kuniga qadar davom etadi.
LiveBarchasi