Toshkent havosini yaxshilash uchun yangi choralar joriy etiladi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2025 5146 2 daqiqa
Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan kompleks choralar joriy etiladi. Bu bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o‘zgarishining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar” haqidagi qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi.
Loyiha sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklaridan chiqayotgan iflos moddalar darajasini hal etishga qaratilgan. Hujjat atmosferaga salbiy ta’sirni kamaytirish va korxonalarning ekologik jihatdan toza texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tishini ta’minlashga qaratilgan kompleks choralar tizimini ko‘zda tutadi.
Xususan, quyidagi chora-tadbirlar rejalashtirilgan:
- Hududdagi sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish;
- issiqxonalarda mavjud qozonlarni zamonaviy energiya samarador va ekologik toza tizimlar bilan almashtirish;
- issiqxona va sanoat ob’ektlarini ko‘mirni ishlatmasdan, boshqa muqobil energiya manbalariga o‘tkazish;
Korxonalarga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tashlamalarni tozalash tizimlarini, mahalliy tozalash inshootlarini, avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish uchun moliyaviy rag‘batlar taqdim etish, shu jumladan, grant mexanizmlari yordamida.
Ta’kidlanishicha, ushbu chora-tadbirlar ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini sezilarli darajada kamaytirishga, ekologik xavfsizlikni oshirishga hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun yanada qulay yashash sharoitlarini yaratishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Yakkasaroy tumanida 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangandi.
Live
Barchasi