Toshkent havosida rekord darajada ifloslanish kuzatildi
Jamiyat
−
03 noyabr
7298Kecha, 2 noyabrdan bugun, 3 noyabrga o‘tar kechasi poytaxt Toshkent shahri havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshdi. Bu haqda Xalqaro IQAir ko‘rsatkichlarida keltirilgan.
Unda poytaxtda havo sifati o‘ta yomon bo‘lgani ko‘rsatilgan. Shaharda o‘rnatilgan 32 ta stansiya havoda zaharli zarrachalar me’yordan bir necha barobar oshganini qayd etgan. Eng yomon havo sifatida kecha, 2 noyabr kuni soat taxminan 23:30 atrofida Yunusobod tumanida o‘rnatilgan pishiriqlar uyi stansiyasida 780 mkg/m3 bo‘lgan.
Bu ifloslanishning asosiy sababi PM2.5 zarrachasi bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tasdiqlagan me’yordan 93,2 barobar ko‘p bo‘lgan. IQAir platformasi buni xavfli darajada yuqori ifloslanish deb ko‘rsatib, ochiq havoga niqobsiz chiqmaslikni tavsiya qilgan. Havo sifati ifloslanish holati va manbasi haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va O‘zgidromet rasmiy sahifalarida ma’lumot bermagan.
3 noyabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, shahar havosida ifloslanish darajasi 105 mkg/m3 ni ko‘rsatyapti. Bunda PM2.5 zarrachalari 37 ni tashkil qilgan, bu JSST me’yoridan 7,4 martaga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston poytaxti Toshkentda havo tarkibidagi PM2.5 zarrachalari miqdori JSST tasdiqlagan me’yordan qariyb 11 barobarga oshib ketgandi. Toshkent dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 6-o‘ringa chiqqandi. Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishiga quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar sabab bo‘layotganini inobatga olgan holda, Bosh prokuratura joriy yilning 22 oktyabr kunidan boshlab respublika bo‘yicha rejaviy tekshirish tadbirlari o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgandi.
LiveBarchasi