Toshkent havosi nega ifloslangani aytildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahri havosi iflosligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqqani haqida xabar qilingan edi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mazkur ifloslanish haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 21 sentyabr kuni respublikada markazida atmosfera bosimi 1010 gPa gacha pasayuvchi past bosimli, kichik gradientga ega atmosfera sohasi shakllanib, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kunduz kuni havo harorati 34-35 darajagacha isishiga sabab bo‘lgan. Hatto bu paytda Toshkent viloyatining janubiy stansiyalarida harorat maksimumlari 35 darajadan yuqoriga chiqqan.

Ushbu isish hodisasi 21 sentyabr tunda Kaspiy dengizi orqali markazida atmosfera bosimi 1028 gPa gacha yuqori ko‘tariluvchi sovuq antitsiklonal jarayonning mintaqaga davomli  g‘arbiy shamollari bilan kirib kelishiga sabab bo‘lgan.

Joriy yilning 21 sentyabr kuni va 22 sentyabr tongida Navoiy viloyati sharqi, Aydarko‘l ko‘llar tizimi atrofida esgan kuchli va davomli g‘arbiy shamollar o‘z yo‘nalishini Chordara suv ombori hududlaridan boshlab biroz shimol tomonga o‘zgartirgan. Kecha, 22 sentyabrda kunning ikkinchi yarmidan Qizilqum sharqi va Aydarko‘l hududlari hamda Qozog‘istonning janubiy viloyatlarida ko‘tarilgan chang havo massalari to‘g‘ri Toshkent shahriga kirib kelgan.

Toshkent shahrida soat 15:00 dan boshlab avvaliga janubi-g‘arbiy va g‘arbiy hududda havoda PM2.5 va PM10 mayda dispers zarrachalari orta boshlagan. Masalan, O‘zgidrometning Uchtepa hokimiyati binosi oldiga o‘rnatilgan Horiba avtomat stansiyasi ayni o‘sha muddatda havo tarkibida 142 mkg/metr kub og‘irlikda mayda PM2.5 zarrachasini qayd etgan. Bu milliy ruxsat etilgan standart qiymatdan 4 barobar ko‘p degani. PM2.5 mayda zarrachasi bo‘yicha milliy ruxsat etilgan me’yoriy qiymat 35 mkg/metr kub hisoblanadi.

Soat 16:00 da poytaxtda janubi-g‘arbiy shamollar soniyasiga 4 metr tezlikda esib, janubi-g‘arb tomondan shahar markazi va shimoli-sharqi tomon mayda dispers zarrachalari jadal to‘planishiga olib kelgan. Bu vaqtda Toshkent markaziy qismlarida ham havoda PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari milliy ruxsat etilgan me’yorlardan oshgan. Hatto poytaxtning sharqiy qismi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘rnatilgan avtomat stansiya kuzatuv ob’ektida mayda PM2.5 zarrachalari milliy ruxsat etilgan me’yordan 2 barobargacha (68 mkg/metr kub) ortib ketgan. Shu tariqa chang havo poytaxtni egallay boshlagan. Toshkent xalqaro aeroportida 16:00 dan boshlab ko‘rish masofasi 5 kilometrgacha cheklangan g‘ubor hodisasi kuzatila boshlangan.

Soat 18:30 da O‘zgidrometning Toshkentga o‘rnatilgan ko‘plab avtomat stansiya qiymatlarida havoda mayda PM2.5 dispers zarrachalari taxminan 150 mkg/metr kub atrofida shiddat bilan ko‘payib borayotgani qayd etilgan. Bu kabi qiymat Toshkentning katta qismida mayda PM2.5 zarrachalar bilan ifloslanish milliy ruxsat etilgan me’yordan 5 barobargacha ko‘payib ketishiga olib kelgan. Ayni mana shu muddatda Toshkent xalqaro aeroportida ko‘rish masofasi yanada yomonlashib, 4000 metrgacha masofani tashkil etgan.

Prognoz

Markazida atmosfera bosimi 1025 gPagacha ko‘tariluvchi sovuq antitsiklon respublikaning markaziy qismlaridan o‘tmoqda. Ushbu jarayon joriy yilning 24 sentyabriga qadar respublika ob-havosini belgilovchi oqim hisoblanib, 23-24 sentyabr kunlari ayni Toshkent shahri havosida to‘plangan mayda dispers zarrachalarni to‘liq “tozalash” quvvatiga ega emas. Aksincha, ushbu havo oqimi havoda yig‘ilgan mayda zarrachalarni asta-sekin yerga bosish holatini keltirib chiqaradi. 23-24 sentyabr tonggi muddatlar va kechki muddatlarda inversiya hodisasi sabab havoda mayda dispers zarrachalari miqdori yana ortishi ehtimoli bor. 24 sentyabr tungi muddatda antisiklonning mintaqadan butunlay chekinishi va o‘rniga boshqa bir past bosimli atmosfera jarayoni almashinish fonida Toshkent shahri havosida mayda dispers zarrachalardan tez tozalanish ro‘y berishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing