Toshkent havosining ifloslanishi sabablari ochiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanib borayotganining sabablarini aytdi. 

Unga ko‘ra, poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga quyidagi omillar ta’sir etmoqda:

1. Toshkentda yashil hudud kamaygani. Jumladan, daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan.

2. Qurilish ishlarining betartib amalga oshirilayotgani. Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilinganiga qaramay, jarayonlar davom etmoqda.

3. Avtotransport vositalari sonining ortib ketishi. Jumladan, Respublika bo‘ylab avtomobillar soni 2021 yilda 3,14 million donani tashkil etgan. 2023 yilga kelib esa ularning soni 4,6 millionga yetdi. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlanadi. Shuningdek, hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan AI-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli moddalar chiqarmoqda.

4. Tirbandliklarning ko‘payishi. Shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yo‘l harakat to‘g‘ri tashkil etilmagan. Oqibatda Toshkentda tirbandlik holatlari ko‘p kuzatilmoqda. "Probka"dagi avtomobil esa harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan atmosferaga ko‘proq chiqindi chiqaradi.

5. Uglevodorodlardan, jumladan, ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmining ortgani. Xususan, 2019 yilda 3,9 milllion tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 5,3 milllion tonnaga, 2023 yil yakuniga ko‘ra esa 6,7 million tonnaga yetgan. Ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar esa atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarining ifloslanishiga olib keladi.

6.Issiqlik markazlari tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyida 3 ming tonna mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan. Bu atmosfera uchun zararlidir. 

7. Tabiiy omillar. Toshkent havosi ifloslanishiga shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va boshqa tabiiy omillar ham sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahri tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 yanvar kuni tonggi soat 8:00 dagi ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda o‘rnatilgan dispetcherlar havoning zararlilik darajasi me’yoridan 17 barobar ortib ketganini ko‘rsatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent atmosfera havo Ekologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing