“Top” oliygohlarda qancha o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani aytildi
Jamiyat
−
14 fevral
4934Hozirgi vaqtda dunyodagi "top" oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Bu haqda bugun, 14 fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlari bilan o‘tkazayotgan muloqotida ma’lum qilindi.
Ushbu yoshlar turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani ta’kidlandi. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik ekani qayd etildi.
Shuningdek, yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada g‘olib deb topilgani ta’kidlandi.
“Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda”, dedi Prezident.
Qayd etilishicha, bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlardan 2 nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi.
“Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q”, dedi Prezident.
LiveBarchasi