“Tonirovka”ni bepul qilish taklif etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda transport vositalari oynalarini qoraytirish uchun belgilangan to‘lovni bekor etish yoki kamaytirish taklif qilindi. Mazkur jamoaviy murojaat “Mening fikrim” portaliga joylangan.

Murojaatda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 iyuldagi “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritib, tonirovka uchun narxlarni quyidagicha belgilash so‘ralgan:

•  orqa yon oynalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning yarim baravari hamda xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun BHMning 2 baravari miqdorida;

•  orqa va old yon oynalar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar uchun BHMning 2 baravari hamda xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun BHMning 10 baravari miqdorida;

•  M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalari yon oynalarining tusini o‘zgartirish BHMning 10 baravari miqdorida.

Shuningdek, murojaatda ruxsatnomani 3, 6, 9 va 12 oyga olinadigan qilib imkoniyat yaratish, transport vositalari oynalarini qoraytirish uchun to‘lanadigan to‘lovlar beriladigan ruxsatnoma muddati mobaynida to‘lanishi so‘ralgan.

Murojaatda keltirilishicha, bugungi kunda orqa yon oynalarni qoraytirish uchun ruxsatnoma narxi jismoniy shaxslar uchun BHMning 4,5 baravarini, yuridik shaxslar uchun BHMning 9 baravarini, orqa va old yon oynalar uchun BHMning 45 baravarini tashkil etadi. Orqa yon oynalari uchun jismoniy shaxslar 4,5 BHMni to‘lashi mumkin, lekin haydovchi o‘zini va old o‘rindiqdagi yo‘lovchini quyoshdan asrashi uchun old yon oynalarini qoraytirishga 45 BHM sarflashga qiynaladi.

Petitsiya muallifi murojaatini O‘zbekiston Prezidentining quyidagi so‘zlari bilan yakunlagan:

“Inson qadri deganda, biz avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Ma’lumot uchun, taklif moderatorlar tomonidan tekshirilgandan so‘ng, Portalda e’lon qilinadi va yetarlicha ovoz to‘plagandan keyin Oliy Majlis palatalari yoki Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1733

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing