Tomdi tumani hokimi lavozimidan “uchdi”
Jamiyat
−
23 dekabr 2023
11215Navoiy viloyati Tomdi tumani hokimi Qayrat Aldabergenov ishdan olindi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Bugun, 23 dekabr kuni Xalq deputatlari Tomdi tumani Kengashining navbatdan tashqari oltmish uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan mazkur sessiya ishida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, Qayrat Aldabergenovni tuman hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qabul qilingan viloyat hokimining qarorini o‘qib eshittirdi.
Ushbu qaror Xalq deputatlari Tomdi tumani Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari yuzasidan ham axborot berildi.
Tomdi tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajarish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Orzumurod Umarov zimmasiga yuklatildi.
Ma’lumot uchun, Qayrat Aldabergenov 1966 yili Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Millati - qozoq. 1988 yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan, 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank Moliya akademiyasini tugatgan.
2009-2020 yillarda Xalq deputatlari Tomdi tumani Kengashi deputati bo‘lgan. 2014 yili “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan bo‘lsa, 2021 yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.
LiveBarchasi