“Tolibon” yadroviy qurolga ega bo‘lmoqchi – sobiq razvedka rahbari

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati taktik yadro quroliga ega bo‘lish yo‘llarini o‘rganmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning sobiq milliy xavfsizlik xizmati boshlig‘i Rahmatulla Nabil Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Hirot xavfsizlik yig‘ilishida so‘z ochdi.  

“Menda “Tolibon” qanday qilib taktik yadro qurolini qo‘lga kiritish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotganini ko‘rsatadigan bir qancha xabarlar bor”, degan sobiq amaldor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon” bu qurollarni Pokistondan olishi yoki ularga ega chiqish uchun muhandislarga pul to‘lashi mumkin.

“Tolibon” hozircha Nabilning bu bayonotiga hech qanday izoh bermadi.

Ma’lumot uchun, Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida “Tolibon”ga qarshi ko‘plab siyosiy va ilmiy arboblar, huquq faollari va mintaqa davlatlaridan vakillar ishtirokida “Afg‘onistonni qayta ko‘rib chiqish, turli yechimlar” mavzusidagi 11-Hirot xavfsizlik yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Ikki kun davom etadigan mazkur tadbir ishtirokchilari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya siyosatshunoslar jamiyatining tahliliy markazi direktori, Afg‘oniston siyosatini o‘rganish markazi rahbari Andrey Serenko “Tolibon”ning ustuvor yo‘nalishi Pokiston bilan urushish, Eronga qarshi kurash va Markaziy Osiyoda oldinga siljish ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon taktik yadro quroli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing