“Tolibon” vakili O‘zbekiston qaytarmayotgan texnikalar munosabatlarga ta’sir qilmasligini aytdi
Jamiyat
−
14 yanvar 2022
31574Afg‘onistondagi “Tolibon” harakatining muvaqqat hukumati avvalgi tuzum qulashi chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistonga o‘g‘irlab ketilgan samolyot va vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshlagani haqida xabar edik. “Tolibon” harakati siyosiy idorasi Matbuot kotibi Suhayl Shahin aviatsiya texnikasi atrofidagi qarama-qarshiliklar qardosh davlatlar bilan munosabatlarga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasiga yaqin manba – “Nigoh” kanali ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Suhayl Shahin Islom amirligi O‘zbekiston bilan azaldan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgani va ega ekani hamda bu davlat uzoq vaqtdan beri “Tolibon”ning siyosiy rahbariyati bilan yaxshi aloqa o‘rnatganini ta’kidlagan.
“O‘zbekiston Afg‘oniston xalqiga bir necha bor insonparvarlik yordami jo‘natgan, buning uchun biz undan minnatdormiz. Bu davlat Afg‘onistondagi megaloyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish niyatida. Biz ikkalamiz ham musulmon davlatmiz hamda bir-birimiz bilan tinchlik va birodarlikda yashashni xohlaymiz. Biz bu va boshqa har qanday masalani diplomatiya yo‘li bilan hal qilishimizga ishonaman”, deydi “Tolibon” vakili.
Eslatib o‘tamiz, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. Harakat Afg‘onistonda hokimiyatni egallagach, afg‘on uchuvchilari mamlakatni tark etgan.
Shundan so‘ng 465 nafar afg‘on harbiy uchuvchilari oila a’zolari bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgandi. “Tolibon” esa ularni qaytarishni talab qilayotgandi. Shu orada O‘zbekiston qochib o‘tgan afg‘on uchuvchilari oilalari bilan Amerika bazasiga ko‘chirilishi haqida AQSH bilan kelishdi.
LiveBarchasi