“Tolibon” va O‘zbekiston kompaniyasi gaz qazib olish bo‘yicha 1 mlrd dollarlik shartnoma imzoladi
Jamiyat
−
10 Oktabr
5855Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati O‘zbekiston kompaniyasi bilan Afg‘oniston shimolidagi Jauzjon va Faryob viloyatida joylashgan Tuti-Maydon konida tabiiy gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda “Khama press” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, o‘n yillik shartnoma taxminan 1 milliard dollarlik investitsiyani o‘z ichiga oladi va u bugun, 10 oktyabr kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar hamda O‘zbekiston kompaniyasi vakili tomonidan imzolangan.
Kelishuvga ko‘ra, kompaniya dastlabki yilda 100 million dollar, keyingi to‘qqiz yil davomida esa 900 million dollar sarmoya kiritadi.
Dastlabki ikki yilda qazib olingan gazdan 100 megavatt gaz orqali ishlaydigan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalaniladi. Jauzjon viloyatidagi Tuti-Maydon gaz konining zaxiralari taxminan 7,000 kvadrat kilometr maydonni qamrab oladi.
“Qazib olish ishlari boshlangandan so‘ng, bu mamlakatning gaz ehtiyojlarini sezilarli darajada qondirishga yordam beradi va minglab fuqarolar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rinlari yaratadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yaqinda o‘z vazifasini bajarishga kirishgan, “Tolibon” tomonidan jo‘natilgan yangi elchi Abdul G‘affor Teraviyni qabul qilgan edi.
LiveBarchasi