“Tolibon” O‘zbekistonga elchi tayinlagani aytilmoqda
Jamiyat
−
05 fevral
8017Mug‘furulloh Shahob Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlandi. Bu haqda “Tolibon”ning rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi elchining missiyasi joriy yilning 2 fevral kuni boshlangan. Mug‘furulloh Shahob de-fakto vazifalarni o‘z zimmasiga oldi, de-yure diplomat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishonch yorliqlarini qabul qilganidan keyin elchixonaga rahbarlik qiladi.
Mug‘furulloh Shahob bu lavozimda Prezident Ashraf G‘ani davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiy o‘rnini egalladi.
Mug‘furulloh Shahob “Tolibon” muvaqqat hukumatining Tog‘-kon vazirining o‘g‘li hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, yanvar oyi oxirida Afg‘onistonning Xitoydagi yangi elchisining missiyasi rasman boshlandi. Xitoy rahbari Si Szinpin “Tolibon” tomonidan tayinlangan diplomatning ishonch yorlig‘ini qabul qildi.
Shunday qilib, Xitoy dunyoda “Tolibon” hukumati bilan elchi darajasida aloqalar o‘rnatgan birinchi davlat bo‘ldi.
Shu kungacha “Tolibon” vakillari Eron, Turkmaniston va Pokiston, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Malayziya kabi davlatlarga o‘z elchilarini yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Yoqub bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr