“Tolibon” Turkiyaga Qobul aeroportini boshqarishni taklif qildi – Erdo‘g‘an
Olam
−
27 avgust 2021
9120“Tolibon” harakati Turkiyaga Qobul aeroportining fuqarolik boshqaruvida ishtirok etishni taklif qildi. Harakat esa xavfsizlikni o‘z zimmasiga oladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Tolibon” Qobul aeroportini boshqarishni taklif qildi. Kimga taklif qildi? Bizga. Aytishlaricha, ular xavfsizlikni ta’minlaydi, lekin ma’muriy boshqaruvni bizga taklif qildi. Biz hali javob bermadik, qaror qabul qilmadik”, deydi Prezident.
Turkiya davlat rahbari ushbu taklif bo‘yicha qaror chiqarishga Qobul aeroportidagi beqaror vaziyat xalaqit berayotganiga e’tibor qaratgan.
“Hozir har qanday vaqtda falokat yuz berishi va qurbonlar bo‘lishi mumkin. Agar bizning boshqaruvimiz paytida ham kechagiga o‘xshagan hodisa yuz bersa, nima deb javob berishni bilmay qolamiz. Demak, hozircha “Tolibon” taklifi bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmaydi”, deya Erdo‘g‘an Anqara boshqaruvni o‘z qo‘liga olishi uchun tegishli sharoitlar zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, Turkiya rahbari agar sabab va xohish bo‘lsa, Anqara “Tolibon” bilan aloqa qilishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Hech kim bizga kim bilan gaplashish va kim bilan gaplashmaslikni aytishga haqli emas. Ruxsat so‘ramaymiz”, deydi u.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Turkiya harbiylari va fuqarolarini Qobuldan evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Mamlakat elchixona xodimlarini shahardan aeroport hududiga evakuatsiya qilib bo‘lgan.
“Biz tez orada harbiylar va tinch aholini evakuatsiya qilishni tugatamiz. Puxta tayyorgarlik ko‘rdik va jarayon yaxshi ketmoqda. Odamlar samolyotda Islomobodga olib ketiladi va u yerdan kim istasa, uyiga uchadi”, deydi Erdo‘g‘an.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonda 600 nafar askari bor Turkiya NATOning boshqa a’zolari chiqib ketganidan so‘ng, Qobul aeroportini qo‘riqlash va boshqarishni reja qilgandi. Biroq, “Tolibon” ushbu taklifni rad etib, barcha xorij qo‘shinlaridan mamlakatni tark etishni talab qildi.
Joriy yilning 15 avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonda hukumatni egallagach, mamlakatda tartibsizlik boshlandi. Shundan so‘ng, Anqara Qobul aeroporti bilan bog‘liq rejasidan voz kechdi.
Eslatib o‘tamiz, 26 avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Qobul shahri aeroportida ketma-ket uchta portlash yuz berdi. Terrorchilik harakati, deya baholangan ushbu falokat oqibatida 150 dan ortiq odam jarohatlangan, 100 dan ziyodi halok bo‘lgan. Qurbonlar soni ortmoqda.
LiveBarchasi