“Tolibon” Tashqi ishlar vaziri Rossiyaga yo‘l oldi
Olam
−
25 Sentabr 2023
7872Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy Rossiyaga yo‘l oldi. Bu haqda Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Muttaqiy bugun, 25 sentyabr kuni Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlarda ishtirok etish uchun Rossiyaga boradi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda AQSH vakillari yig‘ilishga taklif qilinmagan, ularning kuzatuvchi sifatida qatnashishi ham rejalashtirilmagan.
“AQSH ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha kengaytirilgan "uchlik" formati amalda ishlamaydi. U to‘rttaga almashtirildi – Rossiya, Xitoy, Pokiston, Eron. Hozircha shu format ishlaydi. Keyinchalik nima bo‘lishini ko‘ramiz", deya qo‘shimcha qilgan Kabulov.
Aytilishicha, Rossiya Qozondagi uchrashuvda mintaqa davlatlari Afg‘onistonda etnosiyosiy inklyuziv hukumat yaratish, terrorizm va giyohvandlik kabi tahdidlarga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini tasdiqlashini kutmoqda. TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa uchrashuv chog‘ida Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, afg‘on ichidagi yarashuv, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va mamlakatni mojarodan keyingi tiklanish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
Zaxarova tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlarning qo‘shma bayonoti qabul qilinishi kutilayotganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi uchrashuv 29 sentyabr kuni Qozon shahrida bo‘lib o‘tadi.
Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatiga Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlari ishtirok etadi. Shu formatdagi oldingi uchrashuv 2022 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi.
LiveBarchasi