“Tolibon” so‘nggi uch kun ichida Afg‘onistonning 4 ta tumanini egalladi
Olam
−
08 iyun 2021
12082Bugun, 8 iyun kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod tumanini egallab oldi. Faryob provinsiyasi mintaqaviy kengashi deputati Abdul Mannon Katining so‘zlariga ko‘ra, jangarilar ikki kun davomida Davlat Obod tumaniga hujum uyushtirgan.
Ta’kidlanishicha, 8 iyun kuni ertalab tuman toliblar nazorati ostiga o‘tgan. Tuman ma’muriyati binosini qo‘riqlagan 30 nafar mamlakat xavfsizlik xodimining taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas.
Faryob provinsiyasi mintaqaviy kengashining boshqa bir deputati Abdul Ahad Ilbek esa ikki xavfsizlik xodimining o‘limi haqida xabar bergan. Toliblarning o‘zi hodisa haqida hali hech qanday bayonot bermagan. Odatda harakat biror bir holatga aloqasi bo‘lsa, buni tan olishdan tortinmaydi.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” faollashib qolgan. Ushbu harakat ikki kun oldin Faryob provinsiyasining Qaysar tumanini hamda Ghor provinsiyasining Shahrek va Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini ham qo‘lga kiritgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi