“Tolibon” SHHTning keyingi sammitida qatnashishni talab qildi
Olam
−
05 iyul 2023
10243“Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘oniston Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida qatnashishni talab qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Tolibon” mintaqada totuvlik va xavfsizlikni ta’minlash, hamkorlikni mustahkamlash uchun bunday uchrashuvlar o‘tkazilishini olqishlagan. Shuningdek, SHHT sammitining yakuniy deklaratsiyasida ko‘zda tutilgan erkin, barqaror, birlashgan, urushlarsiz va narkotiklardan holi Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash haqidagi band ham e’tirof etilgan.
Bundan tashqari, Muvaqqat Hukumatning Tashqi ishlar vazirligi afg‘onlarga gumanitar yordam ko‘rsatish va qochqinlarning qaytishiga ko‘maklashishni davom ettirish zarurligini qayd etgan.
Shu bilan birga “Tolibon” uning hukumati inklyuziv emasligi haqidagi da’volarni rad qilgan.
“Islom Amirligida har xil til, irq va yo‘nalishdagi odamlar bor”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 iyul kuni SHHT sammiti a’zo va kuzatuvchi davlat rahbarlari ishtirokida onlayn formatda bo‘lib o‘tdi. Biroq Afg‘oniston tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishiga qaramay, “Tolibon” unga taklif qilinmadi.
LiveBarchasi