“Tolibon” Pokiston harbiy delegatsiyasining Afg‘onistonga tashrifini bekor qildi
Olam
−
13 may 2024
4368“Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan Afg‘oniston muvaqqat hukumati Pokiston harbiy delegatsiyasining kecha, 12 may kuniga belgilangan tashrifini bekor qildi. Bunga Pokistonning Afg‘onistonning Paktika viloyatidagi terrorchilar boshpanalariga yangi havo va raketa hujumlari sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Dawn” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Qobul Pokiston delegatsiyasining Qandahor shahriga tashrifini bekor qilish sabablarini hali rasman e’lon qilmagan. U Afg‘oniston razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mulla Shirin Oxund bilan “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” (“Pokiston Toliboni” harakati, TTP) jangarilarining Afg‘onistonda joylashishini va Pokistonga hujumlar uyushtirishini to‘xtatish masalasini muhokama qilishi kerak edi.
“Aamaj News” 12 may kuni Pokiston Qurolli kuchlari Paktika viloyatidagi terrorchilar lagerlariga zarba bergani haqida xabar berdi. Islomobod bu ma’lumotga izoh berishdan o‘zini tiydi.
18 mart kuni Pokiston Harbiy-havo kuchlari birinchi marta ushbu guruh jangarilarining Pokistonning Mir Ali shahrida joylashgan harbiy bazadagi yetti nafar askarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumiga javoban Paktika va Xost viloyatlaridagi TTP boshpanalari va lagerlariga havo zarbalarini berdi.
OAV xabarlariga ko‘ra, Afg‘oniston o‘z hududida joylashgan, Pokistonda teraktlar uyushtirish uchun mas’ul bo‘lgan TTP ekstremistik guruhini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishdan bosh tortgani sababli Islomobod va Qobul o‘rtasidagi munosabatlar amalda muzlatib qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, TTP "Al-Qoida" bilan aloqador tashkilot sifatida 2011 yildan beri BMT sanksiyalari ostida. TTPda 50 minggacha jangari borligi taxmin qilinadi.
LiveBarchasi