“Tolibon” Panjsherni egallaganini aytmoqda. Qarshilik kuchlari esa buni rad etdi 

Olam

image

Bugun, 3 sentyabr kuni “Tolibon” Panjsher viloyatini egalladi. Shu tariqa butun Afg‘oniston toliblar qo‘liga o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti harakat vakillariga tayanib yozmoqda

“Tolibon” vakili Bilol Karimiyning nashrga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda harakat Afg‘onistonning Panjsher viloyatini to‘liq o‘z nazoratiga olgan. 

O‘z navbatida, “Sputnik” nashri Panjsherdagi manbasiga tayanib xabar berishicha, vodiy egallanmagan va haligacha “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda. 

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Panjsher atrofi tinch hatto, o‘q ovozi ham eshitilmaydi. 

Eslatib o‘tamiz, harakat jangarilari kecha, 2 sentyabrda bo‘ysunmas Panjsherga so‘nggi zarbani berishga tayyorgarlik ko‘rgandi. Bugun, 3 sentyabr kuni esa ikki kuch o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Afg‘oniston Islom Respublikasining qulashi

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

275

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing