“Tolibon” Panjsherni qanday egallamoqchiligi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
02 Sentabr 2021
18745“Tolibon” harakati Afg‘onistonning Panjsher viloyatini kuch bilan olmoqchi emas. Harakat siyosiy byurosining a’zosi Muhammad Naim toliblarning harbiy kuch ishlatib viloyatga kirishi haqidagi xabarlarni rad etdi va rahbarlarning muzokaralaridan natija yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti ma’lum qildi.
“Biz Panjsherga kuch bilan kiramiz, deb aytmaganmiz. Viloyat rahbarlari bilan muzokara qilishga harakat qildik, ammo hozircha muloqot natija bermadi. Shunga qaramasdan, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilmoqchimiz. Chunki, bizning pozitsiyamiz muammoni muloqot yo‘li bilan hal qilishdir”, degan Naim.
Shuningdek, u Panjsherda xavfsizlik zonasini yaratish takliflarini ma’nosiz deb atadi.
“Biz bir necha bor aytganmiz, mamlakatni tark etishni istagan har bir kishiga bunday imkoniyat berilgan. Ammo, ko‘rib turganingizdek, ularning o‘zlari aeroportni vayron qildi. Biz tomondan hech qanday muammo yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan “Tolibon” vakili.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi