“Tolibon”ning Qo‘shtepa kanali Markaziy Osiyo uchun bosim dastagi bo‘ladimi?

Olam

image

Kelajakda toliblar Amudaryoda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali va undagi “Dasht-i-Jun” gidroelektrstansiyasidan Markaziy Osiyo mamlakatlariga bosim dastagi sifatida foydalanishi mumkin. Bu haqda Kginfo.ru axborot-tahliliy portali o‘z mulohazalarini e’lon qilgan.

Bunga misol tariqasida esa portal Afg‘onistonda “toliblar” Shiki (Badaxshon viloyati)ning Panj daryosidan chegaradosh qishloqlarga suv oqimini to‘sib qo‘yganida sodir bo‘lgan vaziyatni ko‘rsatgan. O‘shanda qo‘shni Tojikiston bilan chegaraning qo‘shma qismida mojarolar yuzaga kelgan edi. Qolaversa, suv muammosi chegaraning afg‘on-eron qismida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvga ham turtki bo‘lib xizmat qilganini eslatgan.

Joriy yilning may oyida Afg‘oniston har ikki mamlakat hududidan oqib o‘tuvchi uzunligi 1000 kilometrdan ortiq bo‘lgan Hilmand daryosini elektr energiyasi ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun to‘sib qo‘ygandi.

Bunga javoban Eron rasmiylari “Tolibon” bu ishi bilan Eronning qurg‘oqchil sharqiy hududlariga suv oqimini cheklab, 1973 yilda imzolangan suv taqsimoti kelishuvini buzganlikda ayblagandi.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy o‘shanda darhol vaziyat o‘nglanmasa, buning oqibati yomon bo‘lishidan “Tolibon”ni ogohlantirdi. Lekin “Tolibon” bu ayblovni rad etgan.

Ayni shu voqealarga ishora qilarkan Kginfo.ru axborot-tahliliy portali Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv resurslaridan foydalanishning dolzarbligini hisobga olib, transchegaraviy daryo resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish birlamchi vazifa ekanini aytgan.

“XXI asrning birinchi yarmida insoniyat o‘z mavjudligining eng katta muammosi – chuchuk suv yetishmasligiga duch keladi. Agar shunday bo‘lsa, hozirgi geosiyosiy voqealar suv resurslariga ega bo‘lgan davlatlar va ulardan foydalanadigan davlatlar o‘rtasida doimo yuzaga keladigan qarama-qarshiliklar bilan solishtirganda arzimasdek bo‘lib qoladi. Ushbu mojaroning oldini olish uchun esa bugun o‘z egoistik ambitsiyalarimizdan voz kechish va bu muammoni umumiy sa’y-harakatlar bilan hal qilishni boshlash kerak”, deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, Afg‘onistonda sug‘orish kanalining qurilishi bilan bog‘liq savollar hali o‘z javobini to‘liq topgani yo‘q. Ayrim mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu sug‘orish suvi tanqisligiga va Amudaryoning butun kanali bo‘ylab suv bilan bog‘liq vaziyatning keskin murakkablashishiga olib keladi.

“Nufuzli xalqaro tashkilotlarning ekspert ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilgacha dunyodagi chuchuk suv hajmi va sifati bo‘yicha umidsiz prognozlar bor. Shu bilan birga, ko‘plab davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar ham suv xavfi ortib borayotgan “qizil zona”da. Shuning uchun iqlim o‘zgarishi bilan birga iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan qo‘shni davlatlarning transchegaraviy daryolari yuqori oqimi haqidagi suv siyosatiga bog‘liq”, deb yozgan Kginfo.ru.

Qo‘shimcha qilinishicha, suv ta’minoti muammosining jiddiyligi global va mintaqaviy iqlim o‘zgarishi, muzliklar maydonining qisqarishi, qit’alar hududida notekis taqsimlangani va mavsumga qarab o‘zgaruvchan suv resurslarining cheklanganligi bilan bog‘liq.

Buning oldini olish uchun esa tadqiqotchilar suv resurslaridan noratsional foydalanish, yomon ahvoldagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida Chu va Talas, Amudaryo va Sirdaryo, Ural va Irtish daryolarining butun suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sug‘orish tizimlari va yuqori darajadagi yo‘qotishlar bo‘yicha qo‘shma havza dasturini ishlab chiqishni taklif qilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur dasturni amalga oshirish va moliyalashtirishga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va shu kabi boshqa xalqaro moliya institutlarining moliyaviy va ekspert salohiyatidan foydalanish ham taklif etilmoqda.

“Suv barchamizni birlashtirgan insoniyatning eng qimmatli umumiy manfaati bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham suv ta’minoti mavzusi global siyosiy kun tartibining markazida bo‘lishi va butun sivilizatsiyalashgan insoniyat oldida turgan asosiy vazifaga aylanishi kerak”, deya xulosa qilgan tahririyat.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Markaziy Osiyo Qo'shtepa Amudaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing