“Tolibon” xavfsizlik kuchlarini qisqartirdi – tojik va o‘zbeklar ommaviy ravishda safdan chiqarildi 

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘z xavfsizlik kuchlari tarkibini 20 foizga qisqartirdi, minglab etnik tojik hamda o‘zbek jangchilar iste’foga chiqarildi. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha e’lon qilgan yangi hisobotida so‘z boradi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shinlar sonini kamaytirish haqidagi buyruq bevosita “Tolibon” rahbariyati tomonidan berilgan. Qobul rasmiylari buni byudjet inqirozi bilan izohlagan bo‘lsa-da, qisqartirishlar, asosan, tojiklar va o‘zbeklar istiqomat qiladigan viloyatlarda amalga oshirilgan. Eng ko‘p tarqatib yuborish holatlari quyidagi hududlarda kuzatilgan: Badaxshon, Kapisa, Parvon va Toxar.

Hisobotda bo‘shatishlar bevosita milliy mansublikka asoslangan, degan da’vo ilgari surilmagan, biroq aynan etnik ozchilik vakillari ko‘p bo‘lgan hududlarda qisqartirishlar o‘tkazilgani xavotir uyg‘otmoqda.

BMT tahlilchilari xavfsizlik kuchlarining qisqarishi fonida ISHID-Xuroson guruhi kuchayib borayotganidan ogohlantirmoqda. Ma’lum qilinishicha, terrorchilik guruhi o‘z tashviqoti va ta’lim faoliyatida sun’iy intellektdan (SI) keng foydalanishni boshlagan. Xususan, SI yordamida qo‘lbola bombalar yasash bo‘yicha yo‘riqnomalar tayyorlanmoqda.

“Tolibon” 2025 yil boshidan buyon ISHIDga qarshi operatsiyalar o‘tkazayotganini aytsa-da, terrorchilar “bardoshlilik” ko‘rsatmoqda va xavf darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Qizig‘i shundaki, “Tolibon” rasman mamlakatda ISHID yo‘qligini da’vo qilsa-da, sirli ravishda ushbu guruhga qarshi kurashish uchun xalqaro antiterror yordam so‘rab keladi.

BMT hisobotida Afg‘oniston hududida hozirda 20 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy terrorchi tashkilotlar faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. Ro‘yxatda quyidagilar bor:

  • “Al-Qoida”;
  • “Tahriki Tolibon Pokiston”;
  • “Turkiston islom harakati”
  • “O‘zbekiston islom harakati”
  • “Jamoat Ansorulloh”.

Shuningdek, “Tolibon” o‘zining mahalliy xavfsizlik kuchlari safiga turli terrorchi guruhlarning sobiq a’zolarini qabul qilgani, bu esa mafkuraviy ta’sir xavfini tug‘dirayotgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” xavfsizlik uchun Afg‘oniston byudjetining yarmini ishlatgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon o'zbek tojik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing