“Tolibon” Qo‘shtepa kanali qurilishining birinchi bosqichini yakunlanyapti
Olam
−
03 Oktabr 2023
10299Amudaryodan suv ichadigan Qo‘shtepa kanali qurilishining birinchi bosqichi yakunlanmoqda. Bu haqda “Tolibon”ning Qo‘shtepa loyihasiga mas’ul xodimlari ma’lum qildi.
Bildirilishicha, jarayon shu oy oxirigacha tugab, foydalanishga topshiriladi.
Transport ko‘priklari muhandisi va ushbu loyihaning ijrochi amaldorlaridan biri Amiriy esa Mozori Sharif-Xayraton ko‘prigi va Xat Ohan ko‘prigi qurilishi davom etayotganini hamda qurilishning 96 foizini tamomlanganini bildirdi. Aytilishicha, o‘tgan haftada Sarband suv omborining bir qismi Qo‘shtepa kanalining 42 kilometriga oqib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Orolni Qutqarish Xalqaro Jamg‘armasi ta’sischilari yig‘ilishida ushbu masala muhokamasiga Afg‘onistonni qo‘shishni ham taklif qilgandi.
2022 yil noyabr oyining oxirida kanalning qariyb 40 kilometr qismi qurib bitkazilgan. Loyihani yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan.
Mutaxassislar Qo‘shtepa kanali foydalanishga topshirilgach, hududdagi suv havzasi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishidan xavotirda. Shusiz ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan edi. Kanal qurilishi esa vaziyatni yanada keskinlashtiradi.
Ayniqsa, O‘zbekiston va Turkmaniston eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Mamlakatlar mintaqaning asosiy daryosidan sug‘orish ishlari uchun oladigan suvning 15 foizini yo‘qotish ehtimoli bor. Lekin Markaziy Osiyoda suvning asosiy iste’molchisi O‘zbekiston bo‘lib, uning aholisi 36 million kishiga yetgan va o‘sishda davom etmoqda. Bundan tashqari, respublikadagi suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.
Avazbek Mo‘ydinov
LiveBarchasi