“Tolibon” Qobuldagi namoyishlarni yoritgan uch jurnalistni hibsga oldi
Olam
−
23 dekabr 2022 4666 2 daqiqa
Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan “Tolibon” radikal harakati tarafdorlari Qobuldagi ayollar namoyishlarini yoritgan uch jurnalistni hibsga oldi. Bu haqda kecha, 22 dekabr kuni mahalliy manbalarga tayanib, “Aamaj News” agentligi xabar berdi.
Ularga ko‘ra, muxbirlardan tashqari toliblar Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida talaba qizlarning o‘qishini to‘xtatib qo‘yish haqidagi qaroriga norozilik bildirgan besh ayolni ham hibsga olgan. Hibsga olinganlar norozilikni kuch bilan bostirishga urinayotgan radikallar tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka uchragan.
“TOLO News” telekanaliga ko‘ra, o‘nlab talaba qizlar Qobul ko‘chalariga chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 dekabr kuni “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatishni talab qildi. Buning ortidan AQSH ma’muriyati o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Afg‘onistondagi oliy o‘quv yurtlarida qizlarning o‘qishi to‘xtatilgani munosabati bilan “Tolibon” harakatiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.
"Tolibon"ga ko‘ra, bunday qarorga “[universitet] yotoqxonalarida ayollarning bo‘lishi va ularning viloyatlardan [o‘qish uchun] erkaklar hamrohligisiz kelishi, talaba qizlarning hijob o‘rash qoidalariga rioya qilmasligi, erkak va ayolning birgalikda o‘qishi, ba’zi fakultetlarda qizlarning o‘qitilishi islom qonunlariga zid va afg‘onlarning g‘ururiga putur yetkazishi sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi