“Tolibon” qayerga shoshilyapti, harakat nega Afg‘oniston hududlarini bunchalik tez bosib olmoqda?

Olam

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 24 sentyabr kuni “Tolibon” harakati Qobulni egallab, Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganiga 25 yil to‘ladi. Aynan mana shu sanada ular qayta Qobulni egallamoqchi va yana hokimiyatni qo‘lga kiritmoqchi. Bu haqda xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert, jurnalist Valeriy Shiryayev “Novaya gazeta”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi

“Nega toliblar shoshilyapti, deysizmi? Eng to‘g‘ri mantiqiy faraz oddiy bo‘ladi. 24 sentyabr kuni “Tolibon”ning 1996 yilda Qobulni hamda Afg‘onistonda hukumatni egallab olganiga 25 yil to‘ladi. Chorak asrlik sana ular uchun muhim. Aynan mana shu sanada ular Qobulga qaytishga va o‘zlarini haqiqiy hukumat sifatida e’lon qilishga harakat qilmoqda”, deydi Valeriy Shiryayev. 

Shuningdek, Shiryayev Afg‘onistondagi hozirgi hukumat uzoqqa bormasligi, shu vaqtgacha rasmiy Qobul Qo‘shma Shtatlarning yordami va qo‘llab-quvvtlashi evaziga yashab kelganini qayd etgan.

“Hozirgi hukumat o‘zini mustaqil eplay olmayapti. Xuddi SSSR Afg‘onistonni tark etganida o‘zidan keyin qoldirib ketgan Muhammad Najibulla boshchiligidagi hukumatdek. “Tolibon” harakati Muhammad Najibulla boshchiligidagi Afg‘oniston hukumatini hokimiyatdan ag‘darib tashlagunga qadar u hech bo‘lmasa 3 yil yashadi. Hozirgi rasmiy Qobul esa bir necha oy ham turib bera olmasa kerak”, deydi Valeriy Shiryayev. 

Ma’lumot uchun, “Tolibon” harakati Afg‘onistonni 1996-2001 yillar oralig‘ida boshqargan va o‘sha davlatning nomi Afg‘oniston Islom Amirligi, deb atalgan. Qayd etish kerakki, o‘shanda 
“Tolibon”ni Pokiston qo‘llab-quvvatlagan. Toliblar Qobulni egallab, rasman 1996 yilning 27 sentyabrida mamlakatni amirlik, deb e’lon qilganida ham birinchi bo‘lib, aynan Pokiston Afg‘oniston Islom Amirligini tan olgan. 2001 yilda mamlakatga AQSH va NATO qo‘shinlari bostirib kirgach, “Tolibon” boshqaruvidagi hukumatga ham barham berilgan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

453

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing