“Tolibon” tarafdorlari Rossiyada terakt uyushtirmoqchi bo‘ldi
Olam
−
22 Sentabr 2021
14587“Tolibon” harakati tarafdorlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida terrorchilik harakati amalga oshirmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda “Kommersant’” nashri xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, ularning bir nafari Rossiya, yana to‘rt nafari Tojikiston fuqarosi bo‘lgan.
Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Baza” kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya fuqarosi Sangcharov va Tojikiston fuqarosi Musofirov (ismlari ko‘rsatilmagan) terrorchilik uyushmasini yaratishda gumon qilinmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu odamlar Tojikistonning yana uch fuqarosini “kofirlarga qarshi” terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga ko‘ndirgan.
Ma’lum qilinishicha, uyushma hujrasi Yekaterinburgning Sverdlov ko‘chasida joylashgan edi. Ular o‘sha yerda og‘irligi 3 kilogrammdan bo‘lgan portlovchi moddani yasab, uni qadoqlab, shaharning bir necha nuqtalariga joylashtirgan.
Xabarga ko‘ra, Sangcharov va Musofirov hibsga olingan va ularga 30 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Tez orada boshqa gumonlanuvchilarga ham ehtiyot chorasi qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘onistonda hokimiyatni egallagan “Tolibon” 19 avgust kuni mamlakatda Islom Amirligini tuzgan. Hozirgi kunda ushbu mamlakatda inklyuziv hukumat shakllantirish bo‘yicha jarayon ketmoqda. Dunyo hamjamiyati, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston ham bunday hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “This is America” loyihasi uchun bergan intervyusida toliblar Afg‘onistondan tashqarida hech qachon terrorchilik kabi harakatlarga qo‘l urmaganini qayd etgan. Bundan tashqari, “Tolibon” rasmiylarining o‘zi ham bir necha bor qo‘shni va boshqa davlatlarga xavf solmasilikka, terrorchilarning boshqa davlatlarga xavf solishida Afg‘oniston hududidan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.
LiveBarchasi