“Tolibon” ilk bor rahbarlik lavozimiga ayol kishini tayinladi
Olam
−
02 fevral 2022
9837“Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyat qo‘lga kiritilganidan keyin birinchi marta mamlakatda rahbarlik lavozimlariga ayollar tayinlangani haqida e’lon qildi. Tegishli bayonot harakat tomonidan tuzilgan Afg‘oniston muvaqqat hukumatida Axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohidning sahifasida e’lon qilindi.
“Muvaqqat Vazirlar Mahkamasi rahbarining buyrug‘iga ko‘ra, doktor Malalay Rahim butun mamlakatdagi yagona akusherlik va ginekologiya muassasasi bo‘lgan “Malalay” ixtisoslashtirilgan tug‘ruqxonasiga direktor etib tayinlandi. Oliy ta’lim vazirligi taklifi va muvaqqat hukumatdagi Bosh vazirning ma’qullashi bilan doktor Arian “Shahror” (ginekologiya) klinikasi direktori etib tayinlandi”, deyilgan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, ushbu tayinlovlar oldidan toliblarning qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ko‘plab uchrashuvlari bo‘lib o‘tgan, ularda, xususan ayol vakillarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroki masalasi ko‘tarilgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida Afg‘onistonda o‘lik tug‘ilish holati 2000 yildagi har 100 ming tug‘ilgan chaqaloqqa 1450 ta o‘limdan 2019 yilda har 100 ming tug‘ilgan chaqaloqqa 638 o‘limgacha kamaygan. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich dunyodagi eng yuqorilardan biridir.
Afg‘onistondagi ayollarning holati
O‘tgan yilning sentyabr oyi boshida butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatgan “Tolibon” ayollar va qizlarga turli cheklovlar qo‘ya boshladi va buni mamlakatda “tegishli islomiy muhit” yaratish zarurati bilan izohladi. Masalan, toliblar qariyb 20 yil davomida mavjud bo‘lgan Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha vazirlikni tugatdi.
Bundan tashqari, “Tolibon” mamlakatning aksariyat viloyatlarida qizlarning maktablarga kirishini cheklab qo‘ygan, teleboshlovchi ayollarni hijob o‘rashga majburlagan va mahalliy telekanallarga nozik jins vakillari ishtirokidagi filmlarni namoyish qilmaslikni tavsiya qilgan.
“Tolibon” tomonidan tuzilgan, hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumatdan ham ayollar o‘rin olmagan. Bu xalqaro hamjamiyatning jiddiy tanqidiga sabab bo‘ldi. “Tolibon” yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda qator davlatlar vakillari Vazirlar Mahkamasiga ayollarni kiritish zarurligini qayta-qayta ta’kidlagan.
LiveBarchasi