“Tolibon”dan qochib, O‘zbekistonga o‘tgan afg‘on uchuvchilarini evakuatsiya qilish boshlandi

Olam

image

Avvalroq, “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatga kelishi ortidan O‘zbekiston qochib o‘tgan afg‘on uchuvchilari AQSHning Fors ko‘rfazidagi bazasiga ko‘chirilishi haqida xabar bergan edik.

“Reuters” agentligi bir oyga yaqin vaqtdan beri O‘zbekistondagi lagerda bo‘lib turgan afg‘on uchuvchilari kecha, 12 sentyabr kuni mamlakatni tark etishni boshlaganini ma’lum qildi.

Agentlik bilan suhbatlashgan uchuvchilardan biri birinchi guruh dastlab Birlashgan Arab Amirliklariga borishini aytgan. Uchuvchilarni ko‘chirish bir necha bosqichda amalga oshirilishi kutilgandi.

AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Herbst uchuvchilarning evakuatsiya qilinishini olqishladi.

“Umid qilaman, uchoqlar Amerikaga qaytadi, uchuvchilar esa hech qachon toliblarga qaytarilmaydi”, degan elchi.

Qayd etish kerakki, “Tolibon” harakati afg‘on uchuvchilari va harbiy texnikalarini qaytarishni talab qilib, O‘zbekistonga bosim o‘tkazayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Afg‘on uchuvchilari esa toliblar amnistiya e’lon qilganiga qaramay vataniga qaytishdan qo‘rqayotgandi.

Afg‘onistonda hokimiyat ag‘darilib, “Tolibon” boshqaruvga kelganida 46 ta A-29 yengil hujum samolyotlari va UH-60 Black Hawk vertolyotlarida O‘zbekistonga qochib o‘tgan afg‘on uchuvchilarining taqdiri ancha vaqtgacha mavhum bo‘lib turgandi.

Bundan bir necha kun oldin AQSH va O‘zbekiston afg‘on uchuvchilarini ko‘chirishga kelishgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

419

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing